
Qizlar ringga chiqqanda
Poytaxtimizda boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida oltmish nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
To‘qqiz vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvlar keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Ishtirokchilar orasida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan bokschilarning borligi muxlisu mutaxassislar qiziqishini oshirdi.
Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan birinchi o‘zbek qizi Yodgoroy Mirzaeva 60 kilogramm vazn toifasida hamon etakchi ekanini yana bir karra isbotladi. Iste’dodli bokschi qiz final uchrashuvida Muhayyo Esenboevadan ustun keldi.
O‘zbekiston kubogi musobaqasida o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etgan Fotimaxon Tursunboeva, Tursunoy Rahimova, Aziza Yoqubova, Rayhona Qodirova, Maftunaxon Melieva, Gavhar Mirzaeva, Nafisaxon Asqarova hamda Go‘zal Ismatov musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
To‘qqiz nafar bokschi kumush, 18 nafari bronza medal bilan taqdirlandi.
SPORTS.uz
Comments